Rossiya poytaxti Moskva shahrining janubi-sharqida ko‘chada ketayotgan 25 yoshli ayol aholi turar-joy binosining derazasidan otib o‘ldirildi. Bu haqda Meduza xabar qilmoqda.
Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, qotillik “Lyublino” metro bekati yaqinidagi ko‘chada sodir etilgan. O‘tkinchilar yaralangan ayolni shu atrofdagi do‘konga olib borgach, ayol yetkazilgan jarohat tufayli vafot etgan.
Qotillik va o‘qotar qurolni noqonuniy saqlash moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma’lum qilinishicha, marhuma metro yaqinida promouter bo‘lib ishlagan va odamlarni ovoz kuchaytirgich moslama yordamida do‘konga chorlagan. Taxmin qilinayotgan qotil ayolga baqirishni bas qilishni aytib, uni haqoratlab kelgan bo‘lsa-da, ayol uning gaplariga e’tibor bermay kelgan.
Ta’kidlanishicha, politsiya xodimlari ayolga qarata o‘q otilgan xonadonni aniqlagan va unda yashovchi gumonlanuvchini qo‘lga olgan.
Izoh (0)