Amerikaning Klivlend shahri (Ogayo shtati) politsiya rahbariyati qurollanmagan er-xotinni otib o‘ldirgan olti nafar tartib qo‘riqchisini ishdan bo‘shatdi. Bu haqda mahalliy hukumat vakillari ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar beradi.
So‘z yuritilayotgan hodisa 2012-yilning noyabrida yuz bergan. Politsiyachilar haydovchisi ularning talabi bilan to‘xtamagan avtomobilni bir necha o‘n kilometrgacha ta’qib etib borgan. Avtomobilni quvish davomida tartib qo‘riqchilari unga qarata jami 137 ta o‘q uzgan.
Oxir-oqibatda mashinani to‘xtatishga erishilgan. Undan ikki kishi: erkak va ayolning jasadi topilgan. Ularda qurol bo‘lmagan. Otishmada bir necha politsiyachi ishtirok etgan, biroq qotillik yuzasidan ayblov ulardan faqat bir nafariga – Maykl Breloga nisbatan e’lon qilingan. Bunga uning mashinaga qarata 49 ta o‘q, shundan 15 tasini u harakatlanishdan to‘xtagandan keyin juda yaqin masofadan uzganligi sabab bo‘lgan. 2015-yilning mayida bo‘lib o‘tgan sud Breloni qotillikda aybdor emas deb topgandan so‘ng, shaharda ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan.
Politsiya rahbariyati ushbu vaziyat yuzasidan jami 13 kishini jazolashga qaror qildi. Xodimlardan olti nafari ishdan bo‘shatilgan. Ularning orasida Brelo bor-yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan. Yana olti nafar politsiyachi 21 kundan 30 kungacha bo‘lgan muddatga shikoyat qilish huquqisiz xizmatdan chetlashtirilgan. Yana bir politsiyachi iste’foga chiqqanligi uchun jazodan qutulib qolgan.
Izoh (0)