Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenkoning ishini ko‘rib chiqqan Pecherskiy tuman sudi sudyasi Rodion Kiryeyevni lavozimidan ozod etish haqidagi farmoyishni imzoladi. Bu haqda Meduza xabar beradi.
Ukraina prezidentning saytiga joylashtirilgan xabarda ma’lum qilinishicha, Kiryeyev Adliya kengashining xulosasiga ko‘ra, sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenkoning ayblovi yuzasidan jinoyat ishini ko‘rib chiqishda mamlakatni tark etmaslik haqida tilxat olish chorasini asossiz ravishda hibsga olish haqidagi choraga almashtirgan.
Yuliya Timoshenko Ukraina hukumatini boshqargan davrda Rossiya bilan 2009-yilgi gaz shartnomalarini imzolash chog‘ida o‘z xizmat vazifalarini suiiste’mol qilganlikda ayblanib, 2011-yilning oktabrida yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga tayinlangan edi.
2014-yilda Ukrainada hukumat almashgandan so‘ng, Timoshenko ozod etilib, uning barcha huquqlari qayta tiklangan edi. 2014-yilning aprelida unga nisbatan hukm chiqargan Rodion Kiryeyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015-yilning iyulida Kiryeyevga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Uning qayerda ekanligi noma’lum.
Izoh (0)