Osiyoning eng yaxshi tenorlaridan biri Najmiddin Mavlonov bugun, 11-yanvar kuni ko‘pincha Kovent-Garden deb ataladigan Londondagi Qirollik opera (The Royal Opera) teatrining “Toska” operasi postanovkasida chiqish qiladi. Bu haqda My Day xabar beradi.
Teatr sahifasida ma’lum qilinishicha, o‘zbekistonlik opera qo‘shiqchisi Najmiddin Mavlonov 2015—2016-yilgi mavsumda Puchchinining “Toska” operasida ilk bor Kavaradossi partiyasini ijro etadi.
Bu Najmiddinning dunyo opera sahnalaridagi birinchi chiqishi emas. Xuddi shu Kavaradossi partiyasi bilan u Fin Milliy Operasi, Nemis Reyn Operasi va boshqalarda ham chiqish qilgan.
Opera qo‘shiqchisi-tenor Najmiddin Mavlonov 1979-yilda Samarqandda tug‘ilgan. 2008-yilda O‘zbekiston Davlat konservatoriyasini qizil diplom bilan tamomlagan. U O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Irlandiya, Chexiya va boshqa mamlakatlarning shaharlari bo‘ylab gastrollarni amalga oshiradi.
Izoh (0)