Meksika rasmiylari mashhur Gollivud aktyori va rejissor Shon Penn hamda meksikalik aktrisa Keyt Del Kastilyoga nisbatan surishtiruvni boshladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Surishtiruvga shu haftada qo‘lga olingan Meksikadagi “Sinaloa” narkokarteli rahbari, “Pakana” laqabli Xoakin Gusman bilan uyushtirilgan intervyu sabab bo‘lgan. Mazkur suhbat asosidagi material 9-yanvar, shanba kuni Rolling Stone jurnalining elektron ko‘rinishida chop etildi.
Shu bilan birga, Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, narkobaron o‘tgan yil oktabrida aktyorga bergan intervyu jinoyatchi Durango shtatining chekka qishloq joyida yashiringan joyni aniqlash va uni qo‘lga olishga yordam bergan. Penn bunda qandaydir darajada ko‘mak bergan yoki yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan.
Aktyorning aytishicha, “Sinaloa” yetakchisi bilan suhbat Meksikadagi changalzorlardan birida bo‘lib o‘tgan va yetti soat davom etgan. Suhbatda Keyt Del Kastilyo ham ishtirok etgan, u Shonning jinoyatchi bilan intervyusini tashkillashtirgan. Gusman o‘zining hayoti haqida film olmoqchi bo‘lgan va bu loyihani Kastilyoga topshirgan. Aktrisaning Gusman bilan yaqin aloqalari haqida xabardor bo‘lgan Penn esa u bilan bog‘lanib, “Pakana” bilan uchrashuv uyushtirishni so‘ragan.
Izoh (0)