Orenburg trassasida 3-yanvarga o‘tar kechasi qor tutqinligida qolib ketgan ayolning mashinada muddatidan oldin ko‘zi yoridi. Qutqaruvchilarni kutib turgan feldsher bir necha soat davomida chaqaloqni o‘zining tanasi bilan isitib turdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar beradi.
3-yanvarga o‘tar kechasi Orenburg—Orsk avtomobil yo‘lining 207-kilometrida qor yog‘ishi tufayli avtomobillar tiqilinchi yuzaga keldi. Favqulodda xizmatlar muzlab qolayotgan fuqarolarning qutqaruvi va evakuatsiyasini tashkil etib, 50 ga yaqin avtomobilni qor tutqinligidan ozod qildi.
Jami 84 kishi evakuatsiya qilinib, 12 kishi kasalxonaga joylashtirilganligi, bir kishi halok bo‘lganligi ma’lum qilindi.
Tiqilinchda qolib ketgan mashinalardan birida bo‘lgan ayolning muddatidan avval farzandi dunyoga keldi. Tug‘uruqni Kvarkenskiy tumani markaziy shifoxonasi feldsheri Natalya Netesova qabul qildi. Chaqaloq muzlab qolmasligi uchun feldsher uni kurtkasiga o‘rab, tanasi bilan isitib turdi.
Hozirgi paytda ayol va chaqaloq tug‘uruqxonada bo‘lib, o‘zlarini qoniqarli his qilmoqda. O‘g‘il bola 1 kilogramm 860 gramm vazn bilan tug‘ilgan.
Izoh (0)