Toshkentdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatovga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi – “Malibu” avtomobilini topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
2003-yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarni boshqarib kelayotgan R.Ermatov futbol bo‘yicha deyarli barcha nufuzli turnirlarda hakamlik qilmoqda. U 2008, 2009, 2010, 2011 va 2014-yillarda besh marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami”, 2011-yilda “Jahonning eng yaxshi hakami” sifatida e’tirof etildi.
2010-yili Janubiy Afrika Respublikasi va 2014-yili Braziliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatlarida ketma-ket ishtirok etdi. 2010-yili “O‘zbekiston iftixori” unvoni, 2014-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
Davlat rahbarining 2015-yil 31-dekabrdagi farmoniga muvofiq Ravshan Ermatov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev unga ushbu orden va Prezident sovg‘asi – “Malibu” avtomobili kalitini topshirdi.
Izoh (0)