O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish uslubiyotini tasdiqladi (pdf) deb yozadi “Gazeta.uz”.
Huquqiy ekspertiza — loyihalarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, ularga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa qonun hujjatlariga, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini, shuningdek, havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligini tekshirishni amalga oshirish.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertiza doirasida o‘tkaziladi. Korrupsiyaga qarshi ekspertizaning vazifalari loyihalarda korrupsion huquqbuzarliklar sodir etishga imkoniyat yaratuvchi korrupsiyaviy omillarni aniqlash, normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash jarayonida korrupsion tusdagi xavflarning vujudga kelishi imkoniyatlarini prognozlashtirish, loyihalarda aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish va choralarni ko‘rish va boshqalardan iborat.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilayotganda ham rasmiy (normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar, rasmiy e’lon qilishlar, statistika, sud amaliyoti), ham norasmiy (OAVlar xabarlari, ilmiy nashrlar, internetdagi norasmiy resurslar) axborotdan foydalaniladi.
Hujjatda boshqa qator qoidalar sanab o‘tilgan.
Izoh (0)