Fransiya kuch tuzilmalari Mali poytaxtidagi Radisson Blu mehmonxonasiga uyushtirilgan hujum bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan “Al-Murabitun” terrorchilik tashkilotining 10 ga yaqin jangarisini bartaraf qildi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar qilmoqda.
Fransiya Mudofaa vazirligi o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilishicha, jang 19-dekabrdan 20-dekabrga o‘tar kechasi Menaka shahrida bo‘lib o‘tdi.
To‘qnashuvlar to‘rt soatga yaqin davom etib, natijada ikkita yuk tashuvchi kichik avtomashina, o‘nta mototsikl, shuningdek, katta miqdordagi qurol-yarog‘ va portlovchi qurilmalar qo‘lga olindi. Zararsizlantirilgan terrorchilarning o‘ldirilganligi yoki tiriklayin hibsga olinganligi haqida ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 20-noyabr kuni jangarilar Mali poytaxti Bamakodagi Radisson Blu mehmonxonasiga hujum qilib, 170 kishini garovga olgandi. Terrorchilar uyushtirgan hujum qurbonlari soni 22 kishini tashkil qilgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)