Xonanda Lola Yo‘ldosheva 21-dekabr kuni “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan “E’tirof — 2015” mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimiga taklif qilinmadi, deya xabar bermoqda UZ24.
Xabar berishlaricha, “E’tirof — 2015” taqdimotida “Yilning eng yaxshi aktrisasi” yo‘nalishida aktrisa Yulduz Rajabova g‘olib deb e’lon qilingan. Biroq, aktrisa tasvirga olish ishlari bilan band bo‘lgani bois, taqdimotda qatnasha olmagan.
Bu haqda marosim vaqtida ham aytib o‘tilgan. Aktrisa aynan qayerda, qanday tasvirga olish ishlari bilan band bo‘lganiga xonanda Lola Instagram’dagi sahifasi orqali aniqlik kiritdi.
“Ayni paytda ‘Istiqlol’ saroyida ‘E’tirof’ taqdimoti bo‘lyapti. Biz esa ‘Yaralangan qanot’ qo‘shig‘iga videoklip suratga olayapmiz. Men taklif qilingan mehmonlar ro‘yxatida yo‘qman, biroq ‘Yilning eng yaxshi aktrisasi’ — Yulduz Rajabova esa klipim kadrida!”, — deb yozdi xonanda.
So‘ng Lola aktrisani mazkur muvaffaqiyat bilan tabriklab, shunday kunda uni yonida bo‘lgani uchun minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning iyulida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonanda Lola Yo‘ldoshevaning litsenziyasini to‘xtatgan edi.
Izoh (0)