O‘tgan hafta davomida Tog‘li Qorabog‘da bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida Armaniston harbiylaridan 18 nafari halok bo‘ldi. Bu haqda Trend bergan ma’lumotlar asosida “RBK” xabar qilmoqda.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, 19-dekabrda, kun davomida Ozarbayjon harbiy kuchlari tomonidan Armaniston harbiy kuchlarining barcha qo‘poruvchilik harakatlari bartaraf qilinib, dushman pozitsiyalariga qarata o‘t ochgan. Hujum oqibatida ikki nafar arman harbiy xizmatchisi halok bo‘lib, yana to‘rt nafari yarador bo‘lgan.
Qurolli to‘qnashuv oqibatida bir nafar ozarbayjonlik askarning halok bo‘lganligi ma’lum qilindi.
Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining Mudofaa vazirligi bayon qilishicha, hafta davomida o‘ndan ziyod Ozarbayjon harbiy kuchlarining askari halok bo‘lib, 30 nafardan ortig‘i tan jarohati oldi.
Qorabog‘ mojarosi, aholisining asosiy qismi armanlardan tashkil topgan Tog‘li Qorabog‘ 1988-yilda Ozarbayjon tarkibidan chiqishini e’lon qilgach boshlangan. Tog‘li Qorabog‘ aholisining 99,89 foizi Bokudan to‘liq mustaqil bo‘lishni yoqlab chiqqan referendumdan keyin, keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlangan. 1994-yil may oyida sulh tuzish haqidagi kelishuvlar kuchga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston rahbari Serj Sargsyan so‘nggi yil mobaynida birinchi marta o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro hududida keskinlikning kuchayishi oqibatida odamlar nobud bo‘lganidan xavotir bildirgan edi.
Izoh (0)