Yekaterinburgda yagona nusxada yasalib, ikki mingta olmos va besh yuzta topaz bilan bezatilgan “Mo‘l-ko‘llik shoxi” soati Dubayda taqdim etildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Rossiyaning MOISEIKIN zargarlik kompaniyasi rahbari Viktor Moiseykin ushbu buyumda san’atning zargarlik, toshtaroshlik va soatsozlik kabi uchta turi jamlanganini aytdi. U bir vaqtning o‘zida stol soati, sandiqcha va suvenirdir.
Uni tayyorlashda 1 kilogrammdan ziyod oltin, ikki mingdan ortiq olmos, 500 ta topaz, 100 ta marvarid donasi va boshqa ko‘plab narsalardan foydalanildi. Viktor Moiseykin so‘zlariga ko‘ra, uning narxi 1 million dollardan kam emas.
Suvenirni yasashda zargarlikda toshlarni yopishtirishning bu yil Rossiya va jahonda patent olgan “valsga tushayotgan olmos” innovatsion usulidan foydalanildi. Bunda olmoslar o‘z o‘qi atrofida aylanib turadi.
Izoh (0)