Toshkentda Yevropa Ittifoqining ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining oliy ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, talabalar ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqining ta’lim ko‘rgazmasiga tashrif buyurgan yoshlar Yevropada tahsil olish imkoniyatlari, bu boradagi yangiliklar bilan tanishdi.
Ko‘rgazmada “Erazmus Plyus” ta’lim dasturi, Britaniya Kengashi, Germaniya, Fransiya kabi davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari Yevropa universitetlarida ta’lim olish va malaka oshirish uchun maxsus o‘quv kurslarini taklif etdi.
Ishtirokchilarga o‘quv dasturlari va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari uchun xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi, maxsus treninglar o‘tkazildi.