Bill Geyts Breakthrough Energy Coalition konsorsiumi tashkil etilganligini e’lon qildi. Unga Geytsning o‘zidan tashqari, boshqa yirik texnologik kompaniyalar rahbarlari, shu jumladan, Facebook asoschisi Mark Sukerberg va Amazon boshlig‘i Jeff Bezos ham a’zo bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Tashkilot ekologik toza energiya manbalarini tadqiq qilish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Geyts ta’kidlashicha, quyosh va shamol energiyasi kabi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishning zamonaviy texnologiyalari jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Lekin, uning fikricha, boshqa muqobil manbalarni ham o‘rganib chiqish kerak. U odatda an’anaviy investitsiya fondlari yuqori darajadagi moliyaviy xavf tufayli bu kabi izlanishlarga mablag‘ ajratishdan o‘zini olib qochishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, konsorsium Mission Innovation dasturida ishtirok etayotgan davlatlarni ham moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Konsepsiyaga ko‘ra, dastur ishtirokchilari ekologik toza energiya manbalarini tadqiq qilish va ishlab chiqarishga ajratilayotgan investitsiyani keyingi besh yil davomida ikki barobarga ko‘paytirish majburiyatini oladi. AQShda bu kabi ishlab chiqarishlarga yiliga 5 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflanadi.
Izoh (0)