2014—2015-yil “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturiga muvofiq, Qo‘rg‘ontepa “Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uyida 180 o‘rinli yangi bolalar yotoqxonasini qurish rejalashtirilgan edi. 2015-yil 10-noyabr holatiga bino qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Binoning umumiy maydoni 2325 kvadrat metr, uning old tomonidan dam olish o‘rindiqlari, zamonaviy yoritgichlar o‘rnatilgan hamda obodonlashtirish ishlari doirasida archa, mevali daraxtlar va manzarali gullar ekilgan.
Bino ikki qavatdan iborat. Unda jami 80 ta xona bo‘lib, shundan birinchi qavatda 23 ta yotoqxona, 16 ta yordamchi xona, bitta sensorik mashg‘ulotlar xonasi, bitta gimnastika zali, 4 ta sanuzel xonasi bo‘lib, ushbu xonalarda alohida hojatxona, dush va vannaxonalar mavjud. Bundan tashqari, 2-qavatga ko‘tarilish uchun 3 ta zina yo‘laklari va 1 ta lift o‘rnatilgan. 2-qavatda 23 ta yotoqxona, 8 ta yordamchi xona, 4 ta sanuzel xonasi bo‘lib, ushbu xonalarda ham alohida xojatxona, dush va vannaxonalar mavjud.
Nogironlarni yo‘laklarda yurishi uchun ham alohida sharoitlar yaratilgan bo‘lib, yo‘lakning har ikki tarafiga maxsus ushlab yurish uchun tayanch moslamalari o‘rnatilgan. Xonalarga aravachalar kirib chiqish uchun moslashtirilgan. Har bir bo‘limlarda alohida yong‘in xavfsizligi burchagi tashkil qilingan. Bundan tashqari, binoning ichki qismiga va yotoqxonalariga yong‘indan ogohlantiruvchi moslamalar va videokuzatuv tizimi o‘rnatilgan.