Hindistonda halok bo‘lgan o‘zbekistonlik paraplanchi — Konstantin Trebisovskiyning yaqinlaridan biri Aleksey Volkov Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali jamoatchilikka murojaat qildi.
“Noto‘g‘ri fikrlar va asossiz uydirmalar paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida katta iltimos! Konstantin Hindistonga musobaqalarda ishtirok etish uchun bormagandi, bu sayohat hech qanaqasiga rasmiy va O‘zbekiston sharafini xalqaro maydonda himoya qilish bilan bog‘liq emasdi. Konstantin 5-noyabr kuni halok bo‘ldi, musobaqalar esa 31-oktabrda yakuniga yetgandi”, — deb yozadi Volkov.“Asossiz ravishda hukumat tuzilmalarini qandaydir harakatsizlik yoki shunga o‘xshash narsalarda ayblashni keragi yo‘q. Aksincha, O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi Konstantinning jasadini Hindistondan evakuatsiya qilish bo‘yicha hamma ishlarda juda katta yordam berdi. Shuningdek, “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning barcha rasmiylari ham katta ko‘mak ko‘rsatdi”, — deydi Trebisovskiyning yaqini.
“Turli mish-mishlarning paydo bo‘lishi sportimizni orqaga tortishi mumkin, vaholanki, Konstantin uning rivojidan faqat quvonardi. Bundan tashqari, mish-mishlar uning oilasi va yaqinlarini ham xavotirga soladi. Iltimos, asossiz, chala, noto‘g‘ri axborotlarni chop etishdan tiyiling”, — deb yozadi Aleksey Volkov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda o‘zbekistonlik paraplanchi Konstantin Trebisovskiy halok bo‘lgani, sportchining do‘stlari uning jasadini O‘zbekistonga olib kelishda ko‘mak bera oladigan barchadan yordam so‘ragani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)