Nyu-York politsiyachilari ittifoqi rejissor Kventin Tarantinoning hali prokatga chiqmagan “Manfur sakkizlik” filmini boykot qildi. Bu haqda The Hollywood Reporter xabar bermoqda.
Bunga amerikalik rejissorning 24-oktabr, shanba kuni Nyu-Yorkda tashkil etilgan politsiya zo‘ravonligiga qarshi norozilik namoyishida ishtirok etgani sabab bo‘lgan. “Qotillikni ko‘rsam, chetda jim qarab turolmayman. Men qotillikni qotillik deb, qotillarni esa qotillar deb atashim kerak”, — degandi Tarantino.
O‘z navbatida, politsiya kasaba uyushmalari uyushmasi — Patrolmen’s Benevolent Association prezidenti Patrik Linch rejissorga qarshi chiqdi.
“Jinoyat va zo‘ravonlikni ulug‘lash ortidan pul ishlayotgan odamning o‘zi politsiyani yomon ko‘rishi tushunarli hol. Kventin Tarantino qotil deb atayotgan politsiyachilar rejissorning katta ekrandagi xato xayollarida yashamaydi — ular jamiyatni haqiqiy jinoyatchilardan himoya qilish maqsadida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Tarantinoning filmlarini boykot qilish vaqti keldi”, — dedi u.
Izoh (0)