AQSh davlat kotibi Jon Kerri oktabr oxiri va noyabr boshida Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan O‘zbekistonga ham tashrif buyuradi. Bu haqda “Gazeta.uz” AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Jon Kirbi ma’lumotiga tayanib xabar beradi.
Jon Kerri Bishkek, Samarqand, Ostona, Dushanbe va Ashxobodda hukumatlarning yuqori mansab vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi. Bu uning Markaziy Osiyoga birinchi tashrifi bo‘ladi.
Qirg‘iziston poytaxtida Jon Kerri Amerika universitetining Markaziy Osiyodagi yangi kampusini va AQSh elchixonasi binolaridan birini ochadi.
Samarqandda esa u Markaziy Osiyoning beshta davlati tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda ishtirok etadi. Uchrashuv AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida shu yili taklif etilgan yangi “C5+1” formatda bo‘lib o‘tadi. Vazirlar hududiy va xalqaro masalalarni muhokama qiladi.
Ostonada Jon Kerri AQSh va Qozog‘istonning strategik hamkorlik bo‘yicha Dialogining to‘rtinchi uchrashuvida qatnashadi va Nazarboyev universitetida chiqish qiladi.
Ashxobod va Dushanbe hukumat vakillari bilan uchrashuvda AQSh davlat kotibi ikki tomonlama va hududiy masalalarni muhokama qiladi.
Jon Kerri Markaziy Osiyoga Suriya masalasida Venada bo‘lib o‘tadigan muzokaralardan so‘ng yetib keladi.
Izoh (0)