Navoiydagi mintaqaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Yaponiya hukumatining 686 million iyena (taxminan 5,71 million dollar) miqdoridagi beg‘araz grani hisobidan modernizatsiya qilinadi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Loyiha bo‘yicha grant shartnomasi 25-oktabr kuni, Yaponiya bosh vazirining Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan imzolandi.
JICA’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasidan ma’lum qilishlaricha, hujjatning imzolanishi Navoiy mintaqaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tibbiy uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha loyihaning boshlanishini bildiradi.
JICA tomonidan taqdim etiladigan asbob-uskunalar kasalliklarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tashxis qo‘yish, davolash va profilaktikasi bilan bog‘liq ixtisoslashgan, yuqori texnologik tibbiy yordam sifatini oshirishga ko‘mak berishi kerak.
18 bo‘limdan iborat va 205 yotoq-o‘rinli Navoiy mintaqaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Navoiy viloyatidagi asosiy tibbiyot muassasalaridan biri hisoblanadi. Unda 380 dan ortiq xodim mehnat qiladi.
Izoh (0)