1912-yilda cho‘kib ketgan “Titanik” kemasining qutqaruv qayig‘idan topilgan pechenye 23 ming dollarga sotildi, deb xabar beradi The Mirror.
Pechenye Angliyadagi Devayzesda, Henry Aldridge & Son kimoshdi savdosida sotildi. Xaridor gretsiyalik kolleksioner bo‘lib, uning ismi oshkor etilmadi. Nashrning ma’lum qilishicha, cho‘kib ketgan kemaga tegishli kreker tarixdagi eng qimmat pechenye bo‘ldi.
Oxirgi yuz yil davomida Spillers and Bakers kompaniyasining Pilot markali pechenyesi suvenir sifatida saqlab kelingan. Uni “Karpatiya” kemasining yo‘lovchisi Jeyms Fenvik saqlab qo‘ygan. Ushbu kema ekipaji “Titanik” cho‘kib ketgandan so‘ng, tirik qolganlarga yordam berish uchun yetib kelgan edi.
Eslatib o‘tamiz, “Titanik” kemasining birinchi klassidagi yo‘lovchilar ovqatlangan restoran menyusi kimoshdi savdosida 60 ming funt sterling (96,5 ming AQSh dollari) ga sotilgan edi.
Izoh (0)