Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Sulukta shahrida joylashgan konda uch nafar konchi is gazidan zaharlanish oqibatida halok bo‘ldi. Yana ikki konchi kasalxonaga joylashtirildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
“20-oktabr kuni 16:20 da (Toshkent vaqti bo‘yicha 15:20) ‘Matazim’ MChJga qarashli konda is gazi bilan zaharlanish natijasida uch kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi jabrlandi”, — deyiladi respublika FVV matbuot xizmati vakili xabarida. Halok bo‘lgan konchilardan eng kichigi 20 yoshda bo‘lgan.
Kondagi jabrlanganlarni ularning hamkasblari evakuatsiya qilgan. Hodisa joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar konda karbonat angidrid gazining yuqori darajada ekanligini qayd etdi. Hozirda hodisa yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.
Izoh (0)