Yaqinda maktabida terrorchi sifatida gumon qilinib, qo‘lga olingan texaslik o‘smir Ahmad Muhammad 19-oktabr, dushanba kuni Oq uyning hurmatli mehmonlaridan biri bo‘ldi. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
U AQSh prezidenti Barak Obamaning taklifiga asosan tengdoshlari bilan “Astronomik kechada” qatnashish uchun Vashingtonga keldi. Bu tadbir amerikalik talabalar va maktab o‘quvchilarida fan-texnikaga nisbatan qo‘shimcha qiziqish uyg‘otish uchun ikki yildan beri Oq uyning janubiy maysazorida o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Texas shtatining (AQSh) Irving shahrida joylashgan maktabning 9-sinf o‘quvchisi, 14 yoshli Ahmad Muhammad o‘qituvchilarining shikoyatidan so‘ng, go‘yoki qo‘lbola bomba tayyorlagani uchun politsiya bo‘limiga olib ketilgan edi. Ahmad bor-yo‘g‘i turli buyumlarni yasashni yaxshi ko‘rgan va o‘zi tayyorlagan qo‘lbola soatni o‘qituvchilariga ko‘rsatish uchun maktabiga keltirgan. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Barak Obama Ahmadni “qoyilmaqom soat” yasagani uchun maqtab, uni Oq uyga olib kelishini so‘ragan edi.
Izoh (0)