30-sentabr, chorshanba kuni Yevropa og‘ir tashuvchisi Ariane-5 Kuru (Fransiya Gvianasi) kosmodromidan fazoga parvoz qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Parvozni boshqarish markazidan xabar qilishlaricha, oradan yarim soat o‘tib, “standart geostatsionar orbita”ga Sky Muster va ARSAT-2 telekommunikatsiya yo‘ldoshlari olib chiqilgan. Ikkala yo‘ldoshning umumiy og‘irligi 9417 kilogrammga teng.Sky Muster Avstraliyaning NBN aloqa kompaniyasi uchun samoga ko‘tarildi. Bu yo‘ldosh Avstraliya hududi va mamlakat atrofidagi orollar, jumladan, Norfolk va Kokos orollari hududlarini katta tezlikda ishlaydigan internet aloqasi bilan ta’minlaydi. Avstraliya uchun bu yo‘ldosh juda katta ahamiyatga ega. Chunki u mamlakatga ovloq tumanlarda ham sifatli internet aloqasi o‘rnatish imkonini beradi. Shu jumladan, mamlakat maktab ta’lim tizimini yanada yaxshilaydi va masofadan turib tibbiy maslahatlar olish imkonini beradi.
Sky Muster 7,4 tonna bo‘lib, shu paytgacha fazoga ko‘tarilgan telekommunikatsiya yo‘ldoshlarining eng og‘iri sanaladi.
ARSAT-2 telekommunikatsiya yo‘ldoshi esa Argentinaning geostatsionar aloqa kompaniyasi ARSAT uchun mo‘ljallangan. U Janubiy, Markaziy va Shimoliy Amerika mamlakatlaridagi internet, telefon, televideniye va ma’lumotlarni uzatish sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Izoh (0)