Joriy yil reyslarning haj ziyoratiga olib borish uchun 3—14-sentabr kunlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining Boeing rusumli havo kemalarida Toshkent, Namangan, Termiz, Buxoro, Urganch, Qarshi va Samarqand shaharlaridan uchirilishi rejalashtirib qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmi sayti xabar bermoqda.
Har yilgi tajribadan kelib chiqqan holda, Toshkent shahri ziyoratchilari uchish vaqtidan besh soat oldin safarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tuzilgan jadvalga muvofiq, “Novza” masjidiga yig‘ildi. Ularga o‘z guruhi rahbari tomonidan kerakli tavsiyalar va ko‘rsatmalar berildi.
Ziyoratchilar Toshkent xalqaro aeroportiga shinam avtobuslarda tashildi. Bugun, 3-sentabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov rahbarligida O‘zbekiston haj delegatsiyasi, ishchi guruhi a’zolari, shifokorlar, oshpazlar va ziyoratchilardan iborat jami 400 dan ziyod ziyoratchi Muborak Haj ibodatini ado etish niyatida ikki reysda Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Ziyoratchilar Madinai munavvarada “Masjid an-Nabaviy” dan uncha uzoq bo‘lmagan “Javharat al-A’sima” mehmonxonasiga va Makkai Mukarrama shahrida to‘rt binodan iborat hashamatli “Abroj Masa al-Muhammadiya” mehmonxonasiga joylashadi. Mehmonxonalarda ular 3 mahal milliy taom, issiq choy va yaxna ichimliklar bilan ta’minlanadi.
Izoh (0)