O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmonning to‘liq matni O‘zAda e’lon qilingan.
Farmonda aytilishicha, “mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlaridagi katta xizmatlari, ko‘p yillik samarali mehnati bilan qishloq va suv xo‘jaligi, sanoat, transport, aloqa va qurilish sohalarini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun” bir qator shaxslarga faxriy unvonlar beriladi.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan transport xodimi” unvonlari ikki nafardan kishiga, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan aloqa xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi” unvonlari bir nafardan fuqaroga, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi” unvoni esa uch nafardan soha xodimlariga berildi.
Shuningdek, farmonda “Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, yosh avlodni ona yurtga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, fidokorona mehnati, vatanparvarligi va ijtimoiy hayotdagi faolligi bilan el-yurt izzat-hurmatiga sazovor bo‘lganligi uchun” 14 nafar fuqaro “El-yurt hurmati” ordeni bilan, 14 kishi “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan, 18 nafar fuqaro “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, 27 kishi “Do‘stlik” ordeni bilan, 100 yoshdan oshgan 14 nafar fuqaro “Shuhrat” medali bilan, 14 kishi “Jasorat” medali bilan, 3 kishi “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan, yana 126 nafar fuqaro “Shuhrat” medali bilan mukofotlanishi belgilab qo‘yildi.
Izoh (0)