19-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi Respublika Urush va mehnat faxriylari pansionatida umrguzaronlik qilayotgan mehnat faxriylari va keksalar uchun Samarqandga sayohat tashkil qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Hurmatga sazovor keksalar turistlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy avtobusda ko‘hna shaharga yetib bordi.
Qariyalar, ayniqsa, Registon maydonini obdon tomosha qildilar.
Uchta katta madrasa — Tillakori, Sherdor va Ulug‘bek madrasalari kompleksi bilan o‘ralgan maydonda turar ekan, xuddi o‘sha zamonlarda Samarqandning asosiy bozor maydoni bo‘lgan joyda turli tomonlardan tujjorlarning chaqiriqlari kelgandek bo‘ldi.
Respublika Urush va mehnat faxriylari pansionatida yashovchi keksalar Temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq ko‘hna shahar ko‘chalarini sayr qilish barobarida Imom al Buxoriy maqbarasini ham ziyorat qildi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tiklab obodonlashtirilgan ushbu tarixiy-madaniy kompleks ularni ham hayratda qoldirdi.
Izoh (0)