Koreya Respublikasi Qurolli kuchlarining Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan chegarasi hududiga joylashtirilgan bo‘linmalari to‘liq jangovar shaylik holatiga keltirildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Bunday buyruq dushanba oqshomida Shimoliy Koreya hududida tashviqot eshittirishlarini yangilash to‘g‘risida qaror qabul qilingach berildi”, — dedi Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy demarkatsiya chizig‘i hududiga qo‘shimcha artilleriya bo‘linmalari olib kelingan, razvedka esa KXDR qo‘shinlari harakatini uzluksiz kuzatib turibdi. Shuningdek, Janubiy Koreya harbiylariga KXDR chegarada o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlarga o‘q uzsa, javob tariqasida o‘t ochishga buyruq berilgan.
Janubiy Koreya 4-avgust kuni chegara hududida Pxenyanning harbiy provokatsiyasi oqibatida sodir bo‘lgan portlash tufayli ikki nafar harbiy xizmatchisi og‘ir jarohat olgach tashviqot eshittirishlarini yangilashga qaror qildi. Psixologik urush dasturi 11 yil muqaddam ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilangach to‘xtatilgan edi. Endi esa ovoz kuchaytirgich orqali Shimol tomonga Janubiy Koreyaning so‘nggi yangiliklari e’lon qilib boriladi.
Izoh (0)