Ozarbayjon poytaxtida mahalliy klublardan birida to‘p suruvchi futbolchining qarindoshlari tomonidan kaltaklangan jurnalist hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda marhum Rasim Aliyevning singlisi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Exo Moskvi” radiosi.
Jurnalistga 8-avgust, shanba kuni hujum uyushtirilgan. Uni kasalxonaga qovurg‘alari singan holatda keltirishgan. Kechga borib ahvoli og‘irlashgach operatsiya qilishgan, ammo tongda Aliyev olamdan o‘tgan.
Rasim o‘limidan avval kaltaklanishini mahalliy “Gabala” futbol klubi o‘yinchisi Jovid Husainovni tanqid qilgani bilan bog‘lagan. U bu futbolchining Kipr klubi bilan bo‘lgan o‘yindagi harakatlarini “tarbiyasizlik” deb atagan edi.
Huquqni muhofaza etish idoralari Aliyevning kaltaklanishi va o‘limiga o‘z munosabatini bildirganicha yo‘q. Halok bo‘lgan jurnalist Ozarbayjon ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir chiqishlari bilan tanilgan va bir necha onlayn-nashrlarda ishlardi.
Oxirgi 10 yil mobaynida mamlakatda Aliyevdan tashqari yana 2 nafar jurnalist o‘ldirilgan, buning aybdorlari hozirgacha topilmagan.
Izoh (0)