Andijon viloyati Andijon tumanidagi O‘rikzor mahallasida zamonaviy akvapark ish boshladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi bayrami arafasida Andijon tumanidagi “Osiyo mustahkam bunyodkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan mazkur inshoot andijonliklar uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
– Akvapark “Trastbank”ning viloyat filialidan olingan 1,5 milliard so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga qisqa fursatda bunyod etildi, – deydi “Osiyo mustahkam bunyodkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ozodbek Mahmudov. – Xorijdan qariyb 1,5 milliard so‘mlik cho‘milish maydonchalari, uskuna va jihozlar keltirildi.
2,5 gektar hududni egallagan akvaparkda bolalar uchun to‘rtta basseyn, cho‘milish havzasi, kiyinish xonalari, dush mavjud. Turli shakl va hajmdagi favvoralar ham barchaga yaxshi kayfiyat baxsh etadi. Sirpanish quvurlari o‘rnatilgan maydoncha o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lib, eng baland sirpanish qurilmasining balandligi 13 metrni tashkil etadi.
Cho‘milish havzasining aylanasi 170 metr, atrofida o‘ziga xos landshaft yaratilgan. Dam olish uchun maxsus joylar mavjud. Havzada suv filtrlash uskunasi yordamida muntazam ravishda tozalab turiladi. Bundan tashqari, yozgi kafe, cho‘milish ashyolari sotiladigan do‘kon mijozlar xizmatida.
– Farzandlarim bilan bu yerda maza qilib cho‘mildik, – deydi Andijon shahrida yashovchi Rufiya Madaminova. – Ochig‘i, bunday akvaparkni faqat kinolarda ko‘rar edik. Istiqlol sharofati bilan xalqimiz uchun mana shunday dam oladigan, ko‘ngilochar inshootlar barpo etilganidan xursandmiz. Aholi manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.
Majmuaning ishga tushirilishi bilan 30 ga yaqin doimiy ish o‘rni yaratildi. Bu yerda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda.
Izoh (0)