Tadbirkorlik subyektlariga “Bir darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari keyingi yil muqaddimasida o‘z faoliyatini boshlaydi. Shu munosabat bilan ayni paytda keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bir qator uchrashuvlar doirasida markazlarni tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatning qaror loyihasi hamda eng qulay va oson ish mexanizmlarni joriy etish masalasi muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Infocom.uz”.
“Bir darcha” markazlarining tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishonchli himoyasini ta’minlash, ularning jadal rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asoslangan.
Rejaga ko‘ra, mazkur markazlar 2016-yilning yanvar oyidanoq shahar, tuman hokimliklari huzurida mavjud bo‘lgan 193 ta tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha inspeksiyalar negizida yaratiladi. Ushbu inspeksiyalar dastlab hukumat qaroriga binoan tashkil etilganini eslatib o’tamiz.
Butun respublika bo‘ylab mazkur inspeksiyalarda tegishli o‘zgartirishlar joriy etilib, ularga aniq vazifa va majburiyatlar berilishi ko‘zda tutilgan. Ular uchun elektron ma’lumot tizimi asosida boshqa davlat idoralari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha aniq mexanizm ham ishlab chiqiladi. Mazkur markazlar barqaror ravishda ishlashini ta’minlash maqsadida tegishli moliyalashtirish chora-tadbirlari ham ishlab chiqilishi rejaga kiritilgan.
Ayni paytda “Bir darcha” markazlarining aholi, tadbirkorlik subyektklari, davlat organlari bilan bog‘lanish bo‘yicha tartibini izohlab berish, joylashuvini aniqlash, moddiy texnika va yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash va boshqa tegishli masalalar bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston biznes forumi” qo‘shma loyihasi va bir qator boshqa idoralar tomonidan ushbu masalalarni hal etuvchi huquqiy-me’yoriy baza yaratish ustida ish olib borilmoqda. “Bir darcha” markazlarida samarali xizmat ko‘rsatish yuzasidan vazirliklar, turli idoralar o‘z tavsiyalarini bermoqda.
Endilikda bir qator davlat xizmatlari faqat “Bir darcha” markazlari orqali amalga oshirilishini aytib o‘tish muhim. Bu orqali maxsus davlat xizmatlari ro‘yxatida belgilangan xizmatlarni ko‘rsatish va tegishli arizalarni ko‘rib chiqishda davlat idoralarining mijozlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishini taqiqlash ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga “Bir darcha” markazlari orqali ariza yuborishda hudud va boshqa sabablar tufayli yuzaga keluvchi cheklovlarni bartaraf etish maqsad qilingan.
“Yagona markazlarning tashkil etilishi fuqorolarga bir joyda davlat xizmatlaridan foydalanishga imkoniyat beradi. Davlat organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoni bo‘lmasada, ruhsatnoma berish va boshqa ma’muriy jarayonlarini ancha osonlashtirishga yordam beradi”,— dedi Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston biznes forumi” qo‘shma loyihasi rahbari Bahodir Bekov.
Savdo-sanoat palatasi va Sergeli, Mirzo Ulug‘bek tumanlarining hokimliklari qoshidagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha inspeksiyalarda o‘tkazilgan tadbirlarda “Bir darcha” markazlari orqali xizmat ko‘rsatadigan vazirliklar va idoralarning vakillari istirok etdi.
Izoh (0)