32 milliard dollarga baholangan bor boyligini xayriya qilgani xabar berilgan Saudiya Arabistoni shahzodasi Al Volid bin Talal bin Abdulaziz al Saud ushbu boylikni o‘zining ko‘chmas mulk sohasiga kiritgan sarmoyalari evaziga topgan, deb yozadi “Vedomosti”.
Qayd etilishicha, yoshligida otasi unga uy sovg‘a qilgan, o‘qishi uchun 30 ming dollar bergan va 300 ming dollar kredit ajratgan. Qolgan boyligini uning o‘zi ishlab topgan. Unga tegishli Kingdom Holding Company hozirda Apple, Twitter, Citigroup, Canary Wharf, Time Warner kabi kompaniyalarning aksiyalar paketiga, George V, Savoy, Four Seasons va Mоvenpick mehmonxonalarida ulushga ega.
Shahzoda filantroplik va xayriya faoliyati bilan 2000-yillardan shug‘ullana boshlagan. Dastlab u AQShning George Herbert Walker Bush stipendiya jamg‘armasiga 500 ming dollar o‘tkazgan, keyin Qohiradagi Amerika universitetiga Britaniyaning Exeter Universteti, Garvard va Jorjtaun universitetlariga mablag‘ ajratgan. 2004-yildan tabiiy ofatlar qurbonlari uchun pul ajratishni boshlagan.
Kompaniyasining sobiq xodimlaridan ba’zilarning so‘zlariga ko‘ra, shahzodaning xayriya faoliyati ham odatda yaxshi obraz yaratib, yakunda foyda olishga qaratilgan. “Al Volid nima qilsa ham sababsiz, shunchaki qilmaydi”, — deydi ulardan biri.
Izoh (0)