Noqonuniy muhojirning o‘limi sabab La-Mansh bo‘g‘ozi ostidagi Eurostar va Eurotunnel poyezdlari harakati buzildi. Bu haqda The Local xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, noqonuniy muhojir Fransiyadan Buyuk Britaniyaga yetib olishga uringan vaqtida halok bo‘lgan. Uning o‘limi tafsilotlari ma’lum qilinmayapti.
Hozirgi vaqtda tergov-surishtiruv ishlari sabab tonnelning olti uchastkasidan biri vaqtincha yopilgan.
Fransiya hukumati vakilining so‘zlariga ko‘ra, tongda muhojirlarni olib ketayotgan poyezd to‘xtatib qolingan. Biroz vaqt o‘tib ulardan birining jasadi topilgan.
The Local’ning qayd etishicha, Fransiyaning Kale shahridan minglab noqonuniy muhojirlar La-Mansh ostidagi tonnel orqali Buyuk Britaniyaga o‘tishga urinadi.