AQShning Moskvadagi elchixonasi Rossiyaga YuKOSning sobiq aksiyadorlari da’vosi bo‘yicha sudga chaqiriq qog‘ozini topshirdi, deb xabar bermoqda Meduza. Ular Gaaga arbitraj sudining kompaniya noqonuniy ekspropriatsiya qilingani uchun 50 milliard dollar tovon to‘lanishi bo‘yicha qarori AQShda tan olinishiga erishmoqchi.
Da’vo arizasi Hulley Enterprises, Yukos Universal va Veteran Petroleum kompaniyalari tomonidan berilgan. Sud hujjatlari to‘plami AQSh Davlat departamenti orqali yarim yil davomida o‘tgan. Hujjatlar Rossiyaga 22-iyun kuni topshirildi. AQSh qonunchiligi bo‘yicha, Rossiya da’voga 60 kun ichida (20-avgustgacha) javob berishi mumkin.
Gaaga arbitraj sudi YuKOSning sobiq aksiyadorlariga 50 milliard dollar tovon to‘lash lozimligi haqida 2014-yil iyulida qaror chiqargan. 2015-yil yanvarida Rossiya tovonni foizlarsiz to‘lashi mumkin bo‘lgan muddat tugadi. Iyunda Yevropa davlatlari sud qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Rossiya hisoblari va mulklarini hibsga olishni boshladi.
Izoh (0)