Latviyaning Riga shahrida bo‘lib o‘tayotgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari ta’lim vazirlarining birinchi uchrashuvida ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va takomillashtirishga qaratilgan yo‘l xaritasi qabul qilindi.
Yig‘ilish Latviyaning YeI Kengashidagi raisligi tomonidan Yevropa Tashqi siyosat xizmati ko‘magida tashkillashtirilgan bo‘lib, ikki kunlik uchrashuv davomida vazirlar oliy, kasbiy-texnik ta’lim va tayyorgarlik sohasidagi hamkorlikni, jumladan, malaka standartlarini ishlab chiqish, ta’lim sifati, akkreditatsiya, shuningdek ishga joylashtirish va mehnat bozoridagi talablar masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari — oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Alisher Vahobov mamlakatdagi ta’lim tizimi islohotlari to‘g‘risida so‘zlab berdi. U aholi bandligini ta’minlash, birinchi navbatda kollej va OTMlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun sharoitlar yaratish O‘zbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy rivojidagi ustuvor yo‘nalishlardan ekanligini ta’kidladi.
Izoh (0)