Shu kunlarda Friedensdorf International xalqaro tashkiloti vakillari bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularni Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolash uchun Toshkentga keldi. Germaniyalik shifokorlar tashrifi “Sog‘lom avlod uchun” nodavlat hayriya fondi tomonidan tashkil qilindi, deb xabar bermoqda “Jahon” axborot agentligi.
O‘zbekistonga tashrif chog‘ida xorijlik mutaxassislar “Sog‘lom avlod uchun” fondi tibbiy markazida bo‘ldilar. Mazkur markazga Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan 1 yoshdan 12 yoshgacha xastalikka chalingan bolalar olib kelindi. Ular ko‘p martalik shoshilinch davolanishi lozim bo‘lgan kasalliklar bilan og‘rigan yosh bemorlar bo‘lib, tibbiy ko‘rik yakunida Germaniyaga davolash uchun yuboriladi.
“Jahon” axborot agentligi muxbiri Friedensdorf International xalqaro tashkiloti direktori o‘rinbosari Mariya Tinnefeld bilan suhbatda bo‘ldi.
“Biz “Sog‘lom avlod uchun” fondi bilan 13 yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqdamiz. O‘zaro hamkorligimizning asosiy maqsadi tug‘ma xastalik bilan tug‘ilgan va og‘ir kasalliklarga chalingan yordamga muhtoj oilaga mansub bo‘lgan bolalarni hamda bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini sog‘ligini tiklashdan iborat.
Hamkorligimiz doirasida o‘tgan yili 40 nafar, joriy yilning fevral oyida esa 13 nafar turli hastaliklarga chalingan bolalar Germaniyaga bepul operatsiya qilish va davolanish uchun yuborildi. Hozirda 20-25 nafar bolani davolash uchun yuborishni rejalashtirayapmiz.
Poytaxtdan tashqari, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham tibbiy ko‘rik o‘tkazamiz.
Ma’lumki, aholining muhtoj qatlamini ijtimoiy himoya qilish, onalar va bolalar sog‘ligini asrash, barkamol avlodni tarbiyalash O‘zbekiston davlat siyosatining usutvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan, tashkilotimiz mazkur yo‘nalishda maqsad va vazifalarni amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotganidan mamnunmiz”, − dedi u.
Izoh (0)