2015-yilning 14-iyun kuni Jichjao (XXR) shahrida O‘zbekiston va Xitoy Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 13-raundi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Xitoy tomonidan XXR tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Chen Gopin boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari hamda 2013-yilning sentabr oyida O‘zbekistonda va 2014-yilning may oyida Xitoyda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Uchrashuvda muntazamlik kasb etgan O‘zbekiston—Xitoy siyosiy muloqoti hamkorlikning barcha sohalarida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sherikchilikning serqirra munosabatlarini izchillik bilan rivojlantirishga va mustahkamlashga zamin yaratishi qayd etildi.
Tashrifning ikkinchi kuni Jichjao shahrida O‘zbekiston—Xitoy hukumatlararo hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasining 3-majlisi va O‘zbekiston—Xitoy biznes-forumi ochiladi. Ushbu tadbirlarda savdo-iqtisodiy, moliya va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, 2007-yildan buyon o‘zaro savdo aylanmasi qariyb 6 barobarga oshib hozirda 5,2 mlrd. AQSh dollaridan ziyodni tashkil etadi.
Uchrashuv davomida madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari hamda global va mintaqaviy muammolar ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)