Bermud uchburchagi bundan 90 yil avval bedarak yo‘qolgan Amerikaning SS Cotopaxi yuk kemasini “qaytarib bergani” haqidagi xabar yolg‘on bo‘lib chiqdi. TJ’ning xabar berishicha, bu haqdagi ma’lumot dastlab hazilomuz xabarlarni tarqatishi bilan tanilgan World News Daily (WND) tomonidan berilgan.
WND mazkur xabarni 18-mayda yozgan, biroq MDHning yetakchi saytlari va nashrlari bunga faqat 13-iyunga kelib e’tibor qaratgan. WND’ning kirish qismida uning materiallari hazilomuz ekanligi ochiq bildirilgan bo‘lsa-da, bundan avval ham sayt tomonidan tayyorlangan bir qator yolg‘on xabarlar, jumladan, SS zobitini yutib yuborgan laqqa baliq va Merilin Monroni o‘ldirgan MRBning sobiq agenti haqidagi materiallar keng jamoatchilikni qariyb ishontirgandi.
WND kema haqidagi o‘z xabarida kubalik ekspert Rodolfo Salvador Kruzga asoslangan – sayt xodimlari uning suratini Britaniya gazetalarining biridan topgan. To‘lqinlar orasida daydib suzayotgan SS Cotopaxi’ning surati esa “fotoshop” bo‘lib chiqqan. Kema fotosurati 1977-yilda suratga olingan “Uchinchi darajali yaqin aloqalar” fantastik filmidan olingan.
Clinchfield Navigation kompaniyasining SS Cotopaxi yuk kemasi haqiqatan ham mavjud bo‘lgan. U 1925-yil dekabrida, Janubiy Karolinaning Charlston portidan Kubaning Gavana shahriga suzib ketayotganida bedarak yo‘qolgan. Kema bortida 32 kishi bo‘lgan.
Izoh (0)