Germaniyalik Ingeborga Zlyum-Rappoport yozma imtihonni topshirganidan 77 yil o‘tib 102 yoshida zamonamizning eng keksa fan doktoriga aylandi, deb xabar bermoqda “Newskaz.ru”.
Qayd etilishicha, u 1938-yilda 25 yoshida Gamburgdagi yahudiylar shifoxonasida vrach yordamchisi bo‘lib ishlagan va “Difteriya” (bo‘g‘ma) mavzusida dissertatsiya yozgan. U yozma imtihonni topshirgan, biroq natsistlar qonunchiligiga ko‘ra kelib chiqishi yahudiy bo‘lgani tufayli og‘zaki imtihonga qo‘yilmagan.
Uning ilmiy rahbari ushbu taqiq bo‘lmaganda doktorlik ishini qabul qilgan bo‘lishini ma’lum qilgan. Keyin ayol AQShga ko‘chib ketib, u yerda bo‘lajak eri bilan tanishgan va u bilan birga Kommunistik partiyaga a’zo bo‘lgan. 1950-yillarda Sharqiy Berlinga ko‘chib kelib, klinikada ishlagan va ko‘plab mukofotlar olgan.
Gamburg—Eppendorf universiteti klinikasi tibbiyot fakulteti dekani uning qismatidan xabar topgach, Zlyum-Rappoportga og‘zaki imtihonni topshirishga tuxsat bergan. Imtihondan may oyida muvaffaqiyatli o‘tgan ayolga dissertatsiya himoyasi to‘g‘risidagi guvohnomani tantanali topshirish marosimi 9-iyun kuni bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)