Hindistonning asosiy sayyohlik markazi bo‘lgan Goa shtati restoranlari menyusidan cho‘chqa go‘shti olib tashlanmoqda, deb yozadi Meatinfo.
Bu Hindistonda yil boshidan beri chio‘chqa grippi nomini olgan H1N1 virusi tarqalayotgani bilan bog‘liqdir. Ushbu kasallik tufayli faqatgina 2015-yilda mamlakatda 600 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Kasallanganlar va halok bo‘lganlarning katta qismi Hindiston g‘arbidagi Rojaston va Gujarot shtatlarida qayd etilgan bo‘lib, Goa ham ushbu shtatlarga ancha yaqin joylashgan.
Cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilish maqsadga qanchalik muvofiqligi bir necha asrlardan buyon turli bahslar va ilmiy tadqiqotlar mavzusiga aylanib kelmoqda.
Foru.ru ma’lumotiga ko‘ra, amerikalik olimlar tajriba o‘tkazib, qoramol, qo‘y va cho‘chqa mushaklaridan go‘shtda mavjud bo‘ladigan barcha moddalarni ajratib olgan va ularni bo‘rilukkak nomli o‘simlik tanasiga kiritgan. Natijada qoramol va qo‘y hayvonlarining go‘shtidagi moddalar ushbu ekin o‘sishiga salbiy ta‘sir qilmagani, xuddi shu texnologiya orqali cho‘chqa go‘shtidan olingan modda esa o‘simlik uchun zaharli bo‘lib chiqqani ma’lum bo‘lgan.
Cho‘chqa go‘shti sekin hazm bo‘ladi, shuning uchun ichaklarda sutkalab qolib ketishi, bu esa me’da-ichak tizimining surunkali kasalliklariga olib kelishi mumkin. Husnbuzar, chipqon va shishlar ko‘pincha cho‘chqa go‘shtini iste’mol qiluvchilarda uchraydi, deb yozadi nashr.
Cho‘chqa go‘shti o‘z-o‘zidan haddan tashqari yog‘li bo‘ladi. Fithacker saytining yozishicha, hattoki salosiz cho‘chqa go‘shti deb ataladigan turida ham qoramol va qo‘y go‘shtidan farqli ravishda yog‘ hujayralari shaklida katta miqdordagi yog‘ bo‘ladi. Umuman olganda, qo‘y go‘shtida yog‘ hujayralari cho‘chqa go‘shtidagidan ko‘ra ancha kam bo‘ladi.
Yog‘lardan tashqari ko‘p miqdorda uglevod va oqsillarga ham ega bo‘lgan cho‘chqa go‘shti ko‘p iste’mol qilinsa, yog‘lar to‘planib, semirish uchun sharoit hosil bo‘ladi.
Ichaklarda chirib, aynish va g‘ulg‘ulani keltirib chiqaradigan cho‘chqa go‘shti qonni zaharlaydi. Nafaqat cho‘chqa, balki to‘ng‘iz go‘shtini ham iste’mol qilish trixinellyoz nomli og‘ir kasallikni keltirib chiqaradi. Bu kasallikka faqatgina cho‘chqa organizmida yashaydigan trixinella nomli parazit sabab bo‘ladi.
Kasallangan cho‘chqa go‘shti iste’mol qilinganidan 2−3 hafta o‘tib trixinellyoz kasalligi boshlanadi. Bunda tana harorati yuqori darajaga ko‘tariladi, kuchli bosh og‘rig‘i va mushaklarda og‘riq paydo bo‘ladi, me’da-ichak tizimi buzilishi, yurak-tomir faoliyati buzilishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, isitma kuzatiladi. Kasallikning eng asosiy belgilaridan biri esa yuz shishib ketishi, ayniqsa qovoqlar shishib, ba’zida ko‘z yoriqlarining to‘liq yopilishi bo‘ladi. Shuning uchun ham bu kasallik xalq orasida “shish” deb ataladi.
Ushbu kasallikni qo‘zg‘atuvchi bo‘lmish cho‘chqa go‘shtida yashovchi trixinellalar tashqi ta’sirlarga ancha bardoshli ekanligini bilish juda muhim. Ular hattoki —10 darajada muzlagan go‘shtda ham yashay oladi. Bir paytlar trixinella juda past (—35°) va juda yuqori (+100°) haroratda halok bo‘ladi deb hisoblangan. Biroq zamonaviy tadqiqotlar trixinella lichinkalarini go‘shtda umuman yo‘qotib bo‘lmasligini, shu bois bunday tavsiyalar butunlay samarasiz ekanligini isbotladi.
Trixinella lichinkalari uchun tuzlash va dudlash ham, yuqori va quyi haroratdagi har qanday qayta ishlash ham qo‘rqinchli emas. Sotuvga chiqariladigan cho‘chqa go‘shti trixinellyoz tekshiruvidan o‘tkazilisa-da, bu kasallikdan butunlay kafolatlamaydi. Misol sifatida bir yil avval Moskvada ushbu kasallik tarqalib ketganini keltirish mumkin, deb yozadi “Neboleem.org”.
“Webzdrav.ru”ning yozishicha, cho‘chqa go‘shti tarkibida tromboflebit, appenditsit va o‘t qopi kasalliklari rivojlanishiga sabab bo‘luvchi gistamin moddasining katta miqdorda mavjudligi bilan ham zararlidir.
Shuningdek, gistamin tufayli furunkulyoz (chipqon), karbunkul (ko‘k yara), eshak emi, dermatit (teri yallig‘lanishi), ekzema (chilla yara), neyrodermit, dermatoz singari teri kasalliklari kelib chiqishi mumkin. Mualliflarning fikricha, bunday kasalliklarga duchor bo‘lmaslikning yagona usuli — cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilmaslik bo‘ladi.
Izoh (0)