Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan uyali aloqa abonentlaridan tushgan murojaatlar monitoring va tahlil qilinganda, Unitel MChJ (Beeline O‘zbekiston) tomonidan so‘nggi paytlarda bir necha marta radiochastota spektridan foydalanish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati bo‘yicha qoidabuzarliklar sodir etgani aniqlandi. Bu haqda inspeksiya rasmiy saytida ma’lum qilingan.
Jumladan, 2014-yil dekabrda inspeksiya 90 ta bazaviy stansiya kompaniya tomonidan noqonuniy foydalanilayotgani yuzasidan ulardan foydalanishni to‘xtatish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan va kompaniya bu ko‘rsatma bajarilgani haqida ma’lum qilgan. Biroq takroriy monitoring vaqtida kompaniya Qashqadaryo viloyatida 2 ta bazaviy stansiyadan noqonuniy foydalanishda davom etayotgani aniqlangan.
2015-yil 12-fevralda Toshkent shahrining Olmazor tumani hududida kompaniyaning 3G tarmog‘ida sodir bo‘lgan avariya holati o‘rganilganda uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatishning belgilangan tartibi buzilgani aniqlangan, ya’ni bu holat soat 11:39 dan 12:27 gacha chiquvchi ovozli qo‘ng‘iroqlar to‘xtatilishiga olib kelgan.
Abonentlar shikoyati asosida ma’lum bo‘lishicha, 2015-yil 10-fevralda abonentga mobil internet paket belgilanishi vaqti kechikkani, shuningdek paket berilishi haqida SMS bildirishnoma jo‘natilishi kechikkani tufayli abonent hisobidan pul mablag‘lari asossiz yechib olingan.
Shuningdek, kompaniya o‘z xodimlari faoliyati ustidan nazoratni yo‘lga qo‘ymagani aniqlangan. Jumladan, mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi xodim o‘z xizmat vazifasidan foydalanib bir jismoniy shaxs foydalanayotgan raqamni o‘chirib, uni boshqa bir jismoniy shaxsga rasmiylashtirilgan, keyinchalik u ishdan bo‘shatilgan.
Bundan tashqari, ba’zi chiquvchi qo‘ng‘iroqlarning tafsilotlarda aks etmasligi, abonentlarni tariflar, xizmatlarni ko‘rsatish tartibi va hisob−kitoblar shaklidagi o‘zgarishlar haqida yetarlicha xabardor qilmaslik kabi qoidabuzarliklar ham aniqlangan. 2015-yil yanvar−may oylarida kompaniya ustidan shikoyatlar o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 29,7 foizga ko‘paygan.
Inspeksiyaning qayd etishicha, kompaniya tomonidan qonunchilik va me’yoriy−huquqiy hujjatlar talablarining buzilishi tizimli xususiyatga ega bo‘layotgani qat’iyroq choralar ko‘rilishiga olib kelishi mumkin. Inspeksiya bu yuzadan kompaniyaga ko‘rsatma bergan va talablar bajarilmagan taqdirda O‘zbekiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.
Izoh (0)