Yer sayyorasining o‘z o‘qi atrofida aylanishi sekinlashishi munosabati bilan, 1-iyulga o‘tar kechasi butunjahon vaqtiga qo‘shimcha bir soniya qo‘shiladi. Bu haqda Informing.ru xabar bermoqda.
“Vaqt xizmatidan foydalanuvchi jahondagi barcha iste’molchilar 1-iyulga o‘tar kechasiga qo‘shimcha bir soniya qo‘shishadi. Qo‘shimcha soniyani joriy etadigan tashkilotlar orasida Xalqaro kosmik stansiya, Parvozlarni boshqarish markazi, sun’iy yo‘ldoshlar, boshqariladigan kemalar, samolyotlar, poyezdlar, vokzallar, uyali aloqa operatorlari, banklar va boshqalar bor”, - dedi Rossiya Davlat vaqt va chastota xizmati Bosh metrologiya markazi rahbari Igor Blinov.
“Sayyoramiz o‘z o‘qida aylanishni sekinlashtirayotgani munosabati bilan, vaqtni hisoblashning atom va astronomik tizimlari orasida farq yuzaga keladi. Farq bir soniyaga yetganidan esa atom tizimiga tuzatish kiritiladi”, - dedi Blinov.
“Bu o‘ziga xoslik haqida dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilarning barchasi biladi. Bunday tuzatishlar har 3-4 yilda, qo‘shimcha bir soniya yig‘ilib qolishi bilan, odatiy tartibda kiritiladi. Vaqtni hisoblashning atom tizimidan foydalanish boshlangan 1967-yildan beri bunday tuzatishlar ortidan hech kimda hech qanday muammo yuzaga kelmagan”, - deya qo‘shimcha qildi markaz rahbari.