Belorussiyaning “Spravedliviy mir” so‘l partiyasi joriy yilda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan prezidentlik saylovida o‘z raisi Sergey Kalyakinning nomzodini ilgari surmoqchi, deb xabar berdi “Belorusskiy partizan”.
Bunday qaror partiyaning Minskda bo‘lib o‘tgan XVIII hisobot-saylov syezdida qabul qilingan. 1994-yildan buyon partiyani boshqarib kelayotgan Kalyakin 2001-yilda ham prezidentlik uchun kurashishga urinib ko‘rgan, biroq nomzodlik uchun yetarlicha imzo to‘play olmagan.
Belorussiyada prezidentlik saylovi 20-noyabrgacha bo‘lgan vaqtda o‘tkazilishi lozim. Hozircha saylovda ishtirok etish istagini Liberal-demokratik partiya yetakchisi Sergey Gaydukevich, Birlashgan fuqarolar partiyasi yetakchisi Anatoliy Lebedko, “Fransisk Skorina nomidagi belorus tili jamiyati” raisining birinchi o‘rinbosari Yelena Anisim va Belorussiya Sotsial-demokratik partiyasi vakili Tatyana Korotkevich bildirgan.
Izoh (0)