Nukusda og‘ir atletika bo‘yicha 1995-yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”. Musobaqada yurtimizning barcha hududlaridan 100 nafarga yaqin sportchi 15 vazn toifasida o‘zaro bahslashdi.
O‘z vazn toifasida Xorazm viloyatidan Saidakrom Qurbonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Davlat O‘teboyev va Muhammaddin Muratboyev, Samarqand viloyatidan Jonibek Bozorov va Kabatulla Samiyev, Toshkent viloyatidan Otamurod Ortiqboyev, Surxondaryo viloyatidan Behruz Innatullayev O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
Ayniqsa, Muhammaddin Muratboyevning mahoratini muxlisu mutaxassislar yuqori baholadi. Iste’dodli sportchi shtangani dast va siltab ko‘tarish bo‘yicha jami 282 kilogramm natija ko‘rsatib, O‘zbekiston sport ustasi me’yorini bajardi.
Qizlar o‘rtasidagi vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida ishtirok etgan mezbonlar vakilasi Go‘zal Naimova shtangani dast va siltab ko‘tarishda jami 166 kilogramm tosh ko‘tarib, birinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, Xorazm viloyatidan Zuhra Otajonova, Samarqand viloyatidan Zamira Aminjonova, Toshkent viloyatidan Xadicha Abdurasulova, Andijon viloyatidan Munavvara Nizomjonova, Qashqadaryo viloyatidan Laylo To‘raboyeva va Hulkar Chorshanbiyeva o‘z vazn toifasida tengsiz deb topildi.
Umumjamoa hisobida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sportchilari 3 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalini qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Toshkent viloyati jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Xorazm viloyati vakillari egalladi.
Izoh (0)