Rossiyaning Chelyabinsk shahrida taekvondoning olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan WTF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi. Kecha musobaqaning so‘nggi kunida so‘nggi medallar jamlanmasi o‘z egalariga topshirildi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Musobaqaning so‘nggi kuni dayanga chiqqan 80 kg vazn toifasidagi Maksim Rafalovich sovrindorlar safidan joy ola bilmadi. Shunday bo‘lsada, yakunda 1 ta oltin, 2 ta kumush medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egalladi. Bunaqasi hali o‘zbek taekvondo tarixida bo‘lmagandi.
Ta’kidlash joiz, Maksiming ukasi Nikita Rafalovich musobaqaning ikkinchi kungi bahslarida 74 kg vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Ikki kun avval Dmitriy Shokin jahon chempionatining oltin, Jasur Boyqo‘ziyev esa kumush medali bilan taqdirlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu jahon chempionatida dunyoning 141 davlatidan kelgan eng kuchli dayan ustalari g‘oliblik va shu bilan birga Rio—2016 Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolari uchun bahs olib bordi.
Umumjamoa hisobida birinchi o‘rin Janubiy Koreya terma jamoasi egalladi. Ushbu sport turi yurti vakillari 4 ta oltin, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. 3 ta oltin, 2 ta bronza medaliga egalik qilgan Eron terma jamoasi ikkinchi, 2 ta oltin, bittadan kumush va bronza medali bilan taqdirlangan Turkiya terma jamoasi kuchli uchlikka yakun yasadi.
Ana shu 4 ta terma jamoadan tashqari, Xitoy Taypeyi, Buyuk Britaniya, Belgiya, Tailand, Ozarbayjon va Yaponiya terma jamoalari hisobida ham bir nafardan jahon chempioni bor. Umuman olganda, 150 ga yaqin davlatdan 28 tasi o‘z yurtiga kamida bitta bronza medali bilan qaytdi.
Yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz, ushbu jahon chempionati O‘zbekiston taekvondosi tarixida yangi sahifani ochdi. Dmitriy Shokin ayni paytda taekvondoning ham ITF, ham WTF yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona sportchiga aylandi. U bu safar eng ko‘p 120 reyting ochkosiga ega bo‘ldi.
Izoh (0)