O‘zbekiston Respublikasini 2015-yilning I choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari e’lon qilindi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Shu yilning birinchi choragida sanoatning yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan tarmoqlarini jadal rivojlantirish ta’minlandi. Jumladan, yengil sanoat (paxta tozalash sohasidan tashqari) 2014-yilning shu davriga nisbatan 120 foiz (jumladan, ip gazlama ishlab chiqarish 120,1, trikotaj mahsulotlari 114,5, tikuvchilik mahsulotlari 120,6, charm mahsulotlari 118,4 foiz), qora metallurgiya 111,9, yog‘ochni qayta ishlash 108,9, oziq-ovqat 114,8, kimyo va neft-kimyo tarmog‘i 109,3 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Traktorlar, neft va gaz o‘tkazish quvurlari, karbamid, xlorli kaliy, muzlatgich va sovutgichlar, ip-gazlama, trikotaj matosi, trikotaj, tikuvchilik va paypoq mahsulotlari, charm va attorlik buyumlari, un, sut, dori-darmonlar va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish sezilarli ravishda ko‘paydi.
2015-yilda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi choragida 504 loyiha bo‘yicha qiymati 620 milliard so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi, import o‘rnini bosish bo‘yicha hisoblab chiqilgan samara 260 million dollardan oshdi. Mazkur loyihalarni amalga oshirishda 430 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar, jumladan, ekskavator ehtiyot qismlari, Damas avtomobilining shtamplangan kuzov detallari, kompressor agregatlari ehtiyot qism va uzellari, motor moylari, gidravlika suyuqliklari, shaxta vagonchalari, yangi turdagi maishiy muzlatgich va sovutgichlar, elektr pechlar, maishiy yoritgichlar, energiya tejaydigan yorug‘lik diodli chiroqlar, maishiy texnika uchun butlovchi buyumlar, velosipedlar, sport trenajyorlari va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Ishlab chiqarilayotgan iste’mol tovarlari turlarini kengaytirishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida yil boshidan buyon 19 turdagi yangi tayyor tikuvchilik buyumlari va ularning 151 yangi modellari, 98 turdagi yangi qandolat, meva-sabzavot va go‘sht-sut, konserva mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Natijada iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 11,2, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 19,2 va nooziq-ovqat mahsulotlari 6 foiz ko‘paydi.