AQShning Nevada shtati Las-Vegas shahridagi “MGM Grand” arenasida yarim o‘rta vazn toifasi qirollari amerikalik yengilmas Floyd Meyvezer hamda filippinlik Menni Pakyao o‘rtasidagi super jang bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi. Unda Meyvezer hakamlar qaroriga ko‘ra 118−110, 116−112, 116−112 hisobida g‘alaba qozondi.
Faoliyatini AQShda davom ettirayotgan va ayni paytda Xyuston shahrida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Mamajonov ushbu jang yuzasidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
“Ushbu jangni katta kino teatrda tomosha qildik. Ochig‘ini aytaman, muxlislar kutgan jang bo‘lmadi. Ayniqsa, Floyd Meyvezer ishonchni oqlamadi. Bu oqshom Pakyao yaxshi harakat qildi. Aynan Menni raqibiga nisbatan ko‘proq zarba berdi. Shunday bo‘lsada, menimcha, aniq zarbalar soni bo‘yicha kichik ustunlik Meyvezer tomonida bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Shaxsan men filippinlik bokschiga muxlislik qildim. O‘zi ancha yildan beri Pakyaoning ashaddiy muxlisiman. Endi jangning AQShda bo‘lib o‘tganligini inobatga olsak, hakamlarda Meyvezerga g‘alabani berishdan o‘zga chora yo‘q edi. Agar jang Filippinda o‘tkazilganida, ishonchim komil, g‘alaba Menniga berilardi”, - dedi Mamajonov.
Izoh (0)