Qozog‘istonning Chimkent shahrida tennis bo‘yicha sovrin jamg‘armasi 10 ming AQSh dollaridan iborat bo‘lgan Shymkent Open turniri davom etmoqda. Unda O‘zbekistondan bir guruh iste’dodli tennischilar ham o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazyapti, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Ikkinchi davra bahslaridan so‘ng birgina Polina Merenkova chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U turnirning sakkizinchi raketkasi qozog‘istonlik Yekaterina Klyuyevani 6:3, 4:6, 6:2 hisobida taslim etdi. Endi Polina chorak final uchrashuvida rossiyalik Darya Lodikovaga qarshi kortga chiqadi.
Turnirda uchinchi raqam ostida tasniflangan O‘zbekiston vakilasi Vlada Yakshibarova aynan Lodikovaga 5:7, 3:6 hisobida imkoniyatni boy berdi. Yettinchi raqam ostida harakat qilgan Albina Xabibulina esa rossiyalik Kseniya Sharifovaga ikki setda ham bir xil 3:6 hisobida yutqazdi.
Avvalroq musobaqa bosh sovrini uchun kurashni davom ettirish huquqini O‘zbekiston erkaklar termasidan birgina Sanjar Fayziyev qo‘lga kiritgani xabar qilingan edi.
Izoh (0)