Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi Mirzaobod yo‘l xo‘jaligi pudrat-ta’mirlash va foydalanish korxonasi direktori bosh hisobchi va bosh mexanik bilan o‘zaro jinoiy til biriktirdi, deb xabar beradi “Huquq” gazetasi.
Avvaliga ular hujjatlarga soxta ma’lumot kiritish orqali korxona balansida bo‘lgan jami 5 million 100 ming so‘mlik ehtiyot qismlarni hisobdan chiqarish to‘g‘risida dalolatnoma tuzdi. Shu yo‘l bilan mulk talon-taroj qilindi.
Direktor va uning sheriklari hujjatlarda qalbakilashtirish yo‘li bilan amalda bajarilmagan ishlar uchun yo‘l varaqalarini to‘ldirib, 2318 litr neft mahsulotlarini asossiz ravishda hisobdan chiqardi. Natijada jami 5 million so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirildi.
Shundan so‘ng, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobillarni saqlashga ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-foydalanish korxonasi va pudratchi Mirzaobod tumani YXPTFK o‘rtasida xalqaro yo‘nalishdagi avtomobil yo‘lini ta’mirlash uchun pudrat shartnomasi tuzildi. Shartnoma bo‘yicha ishlar to‘liq bajarilmagan bo‘lsa-da, jinoiy guruh a’zolari ishlar bajarilgani to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirib, 3 million 286 ming so‘mlik mablag‘ni qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, jinoiy guruh a’zolari boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, jami 134 million 794 ming so‘mlik dizel yoqilg‘isini qayta sotib yuborib, davlat va jamoat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazdi.
Korxonadagi mas’ul shaxslarning bunday sovuqqonligi qarzdorlik oshib ketishiga olib keldi: muddati o‘tgan debitor qarzdorlik miqdori 44 million 117 ming so‘mga yetdi. Korxona xodimlari ham ish haqini ololmay, jami 180 million 28 ming so‘m ish haqidan qarzdorlik yuzaga keldi.
Mazkur moliyaviy nayranglar fosh etilib, aybdorlar ustidan jinoiy ish qo‘zgatildi va jinoiy guruh a’zolari sud tomonidan jazolandi.
Izoh (0)