Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2015-yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 14 qonunbuzarlik holatlarida salkam 117 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, hamkorlikdagi tadbirlar davomida Xo‘jayli tumanida istiqomat qiluvchi ayol xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, bu yerda keyinchalik O‘zbekistondan olib chiqish uchun ko‘zlangan 210 kilogramm rangli metal chiqindilari noqonuniy ravishda saqlanayotganligi aniqlandi. Ayni shu hududda istiqomat qiluvchi fuqaroning xonadonida esa tegishli hujjatlarsiz 1150 kilogramm rangli metal chiqindilari borligi aniqlandi.
Nukus shahrida huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida uch nafar soxta tadbirkorning qing‘ir qilmishlariga chek qo‘yildi. Qo‘lbola usulda spirtli ichimliklar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yashirin “sex” faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bu shovvozlardan 36 shisha kontrafakt aroq, 448 dona qopqoq, shuningdek, aroq tayyorlash uchun mo‘ljallangan spirt, bo‘sh shishalar va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Tadbir davomida yana bir fuqarodan qo‘lbola tarzda tayyorlanib, sotuvga chiqarilgan 192 shisha qo‘lbola aroq musodara qilindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom etmoqda.
Izoh (0)