Toshkentda teskari yo‘nalishda harakatlangan Chevrolet Cobalt avtomobil haydovchi to‘g‘ri yo‘nalishdagi avtomobildan yo‘l berishni talab qildi. Bu haqda Facebook foydalanuvchilari ma’lum qilgan.
Keltirilgan fotosuratlar va videolavhada Toshkentning Qorasuv mavzesidagi “Sadaf” restorani yaqinida bir tomonlama harakat uchun mo‘ljallangan ko‘chada davlat raqami 01 K 565 GA bo‘lgan qora rangli Cobalt avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishdan kelgani aks etgan.
Dastlab, qoidabuzar avtomobilning yo‘lovchisi to‘g‘ri yo‘nalishdan kelib, unga yo‘l bermagan mashinaga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgan, biroq kamerani ko‘rib ortga qaytgan. Keyin esa haydovchi tushib kelib, to‘g‘ri yo‘nalishdagi mashina haydovchisiga e’tiroz bildirgan, u esa yo‘l boshida “Kirish taqiqlangan” belgisi borligini aytgan. Shunga qaramay, Cobalt ushbu avtomobilni aylanib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanishda davom etgan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar Cobalt haydovchisining ushbu harakatlarini keskin tanqid ostiga olgan. Videolavha va fotosuratlar muallifi ushbu hududda bunday holatlar uchrab turishini ma’lum qilgan.
Izoh (0)